Batafsil yangiliklar
Markaziy bank banklarga onlayn mikrokreditlar bo‘yicha sug‘urta shartlarini tushuntirishni talab qildi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklariga onlayn mikrokreditlar va boshqa chakana kredit mahsulotlarini rasmiylashtirishda sug‘urta shartlari bo‘yicha mijozlarga ochiq, aniq va tushunarli ma’lumot berishni ta’minlash talabi bilan xat yubordi.
Bunga fuqarolarning murojaatlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar sabab bo‘ldi. Ularga ko‘ra, onlayn mikrokredit rasmiylashtirilganda sug‘urta mukofoti mijoz mablag‘lari hisobidan ushlab qolinishi yoki kredit summasiga qo‘shilishi mumkin. Shu bilan birga, kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun sug‘urta mukofotining bir qismini qaytarish masalasida qarz oluvchilarda savollar yuzaga kelmoqda.
Banklar qanday ma’lumotlarni taqdim etishi kerak
Markaziy bank xatiga muvofiq, tijorat banklari o‘zlarining rasmiy veb-saytlari, mobil ilovalari va boshqa rasmiy axborot kanallarida quyidagi masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berishlari lozim:
onlayn mikrokredit rasmiylashtirilganda sug‘urta taklif etiladimi yoki yo‘q;
sug‘urta ixtiyoriymi yoki kredit olishning majburiy sharti hisoblanadimi;
sug‘urta mukofoti qanday tartibda to‘lanadi;
sug‘urta dasturida qaysi sug‘urta tashkilotlari ishtirok etadi;
bank ushbu jarayonda qanday maqomda ishtirok etadi (kreditor, sug‘urta agenti yoki boshqa ishtirokchi sifatida);
kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta mukofotining bir qismi qaytariladimi;
qaytarish avtomatik tarzda amalga oshiriladimi yoki mijozning murojaati asosidami;
qaytarish uchun qanday hujjatlar talab etiladi va u qaysi muddatlarda amalga oshiriladi.
Agar amaldagi jarayonlarda mijozlar uchun cheklovlar yoki noqulayliklar mavjud bo‘lsa, banklarga ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ochiq ma’lumot berish tavsiya etilgan.
Nima uchun bu muhim
Sug‘urta shartlarining shaffofligi qarz oluvchilarga o‘z huquq va majburiyatlarini oldindan tushunish, shuningdek, moliyaviy qarorlarni yanada puxta qabul qilish imkonini beradi. Kredit rasmiylashtirishdan oldin nafaqat kredit shartnomasi, balki sug‘urta shartnomasi bilan ham diqqat bilan tanishish tavsiya etiladi. Ayniqsa quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim:
sug‘urta himoyasining ixtiyoriyligi;
sug‘urta mukofoti miqdori;
sug‘urta tavakkalchiliklari va istisnolar;
shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari;
kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta mukofotining bir qismini qaytarish tartibi (agar bunday qaytarish qonunchilik va sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa).
Alfa Invest izohi
Alfa Invest sug‘urta xizmatlarining shaffofligini oshirish va iste’molchilarning xabardorligini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz mijozlarga sug‘urta shartnomasini tuzishdan oldin uning shartlari bilan diqqat bilan tanishishni, ayniqsa sug‘urta himoyasining amal qilish tartibi, sug‘urta mukofoti miqdori hamda qonunchilik va sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan hollarda uni qaytarish shartlariga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qilamiz.
Savollar yuzaga kelgan taqdirda, kredit shartnomasini rasmiylashtirishdan oldin bank yoki sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilib, zarur tushuntirishlarni olish tavsiya etiladi.
Material O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy ma’lumotlari asosida tayyorlandi.